Yozgi transferlar avj pallasida. So‘nggi bir haftada ham klublar ko‘plab yangi kelishuvlarni amalga oshirishdi.
Jyul Kunde: «Sevilya» → «Barselona» (50 mln yevro)
Haftaning eng asosiy transferi. Kunde bir necha yil ichida «Sevilya»da jiddiy o‘sishga erishdi va ko‘plab top-klublar radariga tushdi. Bu yozda ushbu 23 yoshli fransuz himoyachisi uchun «Chelsi» va «Barselona» o‘rtasida qattiq kurash ketdi. Futbolchi Londonga yo‘l olishi muqarrardek ko‘ringanida katalonlar raqibni dog‘da qoldirishdi va Kundeni Barselonaga kelishga ko‘ndirishdi. Jyul uchun «Barsa» «Sevilya»ga 50 mln yevro to‘ladi, futbolchi bilan 2027 yil yoziga qadar amal qiluvchi shartnoma tuzildi.
E’tiborli jihati, bu yozda «Chelsi» va «Barselona» braziliyalik hujumchi Rafinya uchun ham jiddiy raqobat qilgan va yakunda futbolchi kataloniyaliklar taklifini qabul qilgandi.
Luis Suares: «Atletiko» → «Nasonal» (erkin agent)
Bir davr yakuniga yetdi. Suares Yevropada 16 yil o‘ynadi va bu davr mobaynida haqiqiy yulduzga aylandi. «Groningen», «Ayaks», «Liverpul», «Barselona», «Atletiko» — barcha futbolchilar ham bunday yo‘l bilan maqtana olmaydi. Bu yozda esa Luis Madrid bilan xayrlashdi va ko‘plar uni Yevropaning boshqa biror jamoasida kutishgandi. Ammo Suares barchani hayron qoldirdi — u vataniga, Urugvayga qaytdi. Endi 35 yoshli hujumchi 2005 yilda o‘z futbolchilik faoliyatini boshlagan jamoasi «Nasonal» safida gollar uradi. Shartnoma yangi mavsum oxirigacha tuzilgan.
Duayt Maknil: «Byornli» → «Everton» (23,8 mln yevro)
Dunyodagi eng qimmat liga o‘z repertuarida. «Byornli» o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra Chempionshipga tushib ketdi, ammo «Everton»dan o‘tgan mavsumda 38 o‘yinda atigi bir assist bilan kifoyalangan hujumchisi Maknil uchun qariyb 24 mln yevroni qurtdek sanab oldi. Frenk Lempard tarkibni bunday futbolchi bilan kuchaytirganidan xursandligini bildirgan. Angliyalik futbolchi bilan shartnoma besh yil muddatga tuzilgan.
Oskar Mingesa: «Barselona» → «Selta» (3 mln yevro)
«Barsa» bu yozda juda ko‘p xarajat qilmoqda, shu tufayli maoshlar vedomostini yengillatish oson bo‘lmayapti. Himoyachi Mingesa ham qisqarishga tushdi, yozgi transferlardan keyin unga tarkibda joy ham qolmadi. 23 yoshli ispaniyalik endi o‘z kuchini boshqa kamtarroq jamoada — «Selta»da sinab ko‘radi. Vigoliklar klubi «Barsa» hisob raqamiga 3 mln yevro jo‘natishdi va futbolchi bilan to‘rt yillik shartnoma imzolashdi.
Nunu Tavaresh: «Arsenal» → «Marsel» (ijara)
O‘tgan mavsumda Tavaresh tez-tez «Arsenal»ning chap qanot himoyasida o‘ynadi, ammo bu yozda barchasi o‘zgarib ketdi. Klub «Manchester Siti»dan Oleksandr Zinchenkoni sotib oldi va yosh portugaliyalik u hamda Kiran Tirni bilan raqobatda autsayderga aylandi. Vaziyatdan chiqish yo‘li tezda topildi: 22 yoshli portugal bir mavsum uchun «Marsel»ga yuborildi. Bu barcha uchun yutuqli vaziyat: Tavaresh Yevropadagi top-chempionatda o‘ynashda davom etadi, «Marsel» yangi mavsum arafasida kuchaydi, «Arsenal» esa iste’dodli futbolchisidan mahrum bo‘lmadi.
Daniel Maldini: «Milan» → «Spetsiya» (ijara)
Maldinilar oilasi har bir avlodda jahon futboliga yulduzlar berib kelmoqda. Avvaliga Chezare bo‘lgan, keyin — Paolo, endi esa — Daniel. O‘tgan mavsumda 20 yoshli hujumchi A Seriyada sakkiz o‘yinda ishtirok etib, bir gol ham urdi va yakunda jamoa bilan Italiya chempioniga aylandi. Ammo bunday yoshda o‘yin amaliyoti kerak, hozircha yosh Maldini chempionlarning asosiy tarkibi uchun xomlik qiladi. Daniel «Spetsiya»da tez-tez maydonga chiqishi mumkin, u mavsum yakuniga qadar ushbu jamoaga ijaraga berildi.
Magomed Ozdoyev: «Zenit» → «Fotih Karagyumryuk» (erkin agent)
Rossiyalik futbolchi O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Otabek Shukurovga jamoadosh bo‘ladi. Yozda Ozdoyevning «Zenit» bilan shartnomasi muddati yakunlandi va yarimhimoyachi yangi klub izlashga tushdi. Magomed xorijda o‘ynash istagini yashirmadi va yakunda shunday ham bo‘ldi. 29 yoshli futbolchi Turkiyaning «Fotih Karagyumryuk» klubi bilan ikki yillik shartnoma imzoladi. Unga bu yerda Andrea Pirlo ustozlik qiladi.
Boshqa transferlar:
- Pitssi: «Benfika» → «Al-Vahda» (erkin agent)
- Ruben Vinagre: «Sporting» → «Everton» (ijara)
- Visente Iborra: «Vilyarreal» → «Levante» (ijara)
- Aleks Teysheyra: «Beshiktosh» → «Vasko da Gama» (erkin agent)
- Kevin Mbabu: «Volfsburg» → «Fulhem» (5,5 mln yevro)
- Emiliano Rigoni: «San-Paulu» → «Ostin» (3,64 mln yevro)
- Ussama Idrissi: «Sevilya» → «Feyyenoord» (ijara)
- Klinton N’Jye: «Dinamo» → «Sivasspor» (erkin agent)