Kelinchaksoy ko‘pchilikka ma’lum Arashan bulog‘i va ko‘llari tomon eltuvchi yo‘lda joylashgan. Cho‘ponlar aytgan afsonaga ko‘ra, sovuqda bolasini beshikda tebratib turgan kelinchak muzlab, toshga aylanib qolgan va shu sababdan bu atroflarni kelinchaksoy deb atashadi. "Manzil" shu yerda tirikchilik qilayotgan cho‘ponlar va yozning issig‘igacha saqlanadigan qorlarni ko‘rsatishga qaror qildi.
Bu yerda tabiat juda go‘zal. Tog‘lar tepasida yozning qoq o‘rtasigacha turgan qor, maysalar, xar yuz metr oralig‘ida shaldirab oqayotgan soylar odamning bahri dilini ochib yuboradi.
Chodirlar atrofida tog‘ kalamushlari shu qadar ko‘pki, bu kemiruvchilarni tomosha qilish ham bir maroqli. To‘g‘risi, cho‘ponlar kalamush degani uchun biz ham kalamush deyapmiz, bularning asl nomi nima ekanini bilolmadik. Lekin tog‘ tepasiga chiqqanda sug‘ur bolasini ko‘rdik.
Cho‘ponlar bilan ko‘p ko‘rishganimiz bois ularning hayotidan ham ko‘ra, ular doim duch keladigan yovvoyi tabiat, bo‘rilar, tulkilar, to‘ng‘izlar, kiyik va ayiqlar haqida so‘ragimiz keldi. Bu qiziqishlarimni darhol payqagan cho‘pon Sherali aka Shodiyev, bir kun avval ko‘rganlarini aytib ketdi. Uning aytishicha, bir kun avval tunda qo‘raga ayiq yaqin kelgan. Buni darhol payqagan cho‘ponlar tog‘oralarni taqillatgancha uni haydab solishgan. Cho‘ponlarning so‘zlariga ko‘ra, ayiq och bo‘lsa tang‘ir-tung‘ur qilasizmi, baqirasizmi, olov yoqasizmi farqi yo‘q, birorta qo‘y olmasdan ketmas ekan.
Cho‘ponlarning ishi qiyin, ularning eng katta dushmani – bo‘ri va ayiq. Cho‘ponlarning bu ikki hayvon haqida aytib bergan gaplari ham juda qiziq.
Yoz kunlari tog‘ga chiqishni va qorli cho‘qqilar tomon borishni anchadan beri reja qilib yurar edik. Bu safar o‘sha rejani amalga oshirish uchun erta tongdan, ikki kichik cho‘pon bilan yo‘lga otlandik. Cho‘ponlar tog‘ning pastki qismida o‘t kamaygani uchun tog‘ning yuqori qismiga, qorli joylarga ko‘chayotgan ekan. Ularni kutib, birga chiqib ketadigan bo‘lsak kech qolamiz, yaxshisi bir tavakkal, o‘zimiz chiqishga qaror qildik va yo‘lda davom etdik.
Ikki soatlik mashaqqatli yo‘ldan so‘ng yozgacha saqlangan qorlar oldiga yetib bordik. U yerdagi manzara va o‘simliklar ifori ta’riflab bo‘lmas darajada maftunkor. Qorga yaqinlashganingiz sari undan qish harorati va hidi kelib turadi. Shuncha yo‘ldan so‘ng qor yemasang odamga alam qilsa kerak. To‘g‘risi, qor yeyishga yedim-u, bu mumkin emas ekanini pastga tushganda bildim. Shu sabab bo‘ldimi yoki o‘ta qattiq charchoqmi safardan qaytib yaxshigina tobim qochdi. Qisqasi yoz kuni qor ko‘rsangiz ham uni tanovul qilishga shoshilmang.
Shunday qilib Kelinchaksoydan qaytadigan bo‘ldik, afsuski bu yerdan mashina o‘tishi va unda qaytish amrimahol. Mashina bo‘lavermagach yuk mashinasida qaytishga majbur bo‘ldik. Taassurotlarimizni aytib yoki ko‘rsatib tasvirlab bera olmaymiz. Buni faqat his qilish kerak.